"Eski O‘zbekiston" - Kun.uz AOKA rahbarini gaz-svet muammosini yozgani uchun bosim o‘tkazishda aybladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori Asadjon Xodjayev Kun.uz nashrini aholining gaz-svet muammosi yoritilgan maqolasi uchun "noxolislik"da ayblagan va "jiddiy huquqiy oqibatlar"dan ogohlantirgan.
Kun.uz nashri bu haqda chorshanba kuni tahririyat nomidan e’lon qilingan maqolasiga AOKA rahbarining 23 - noyabr kuni yo‘llangan rasmiy Ogohlantirish xatini ilova qildi.
Xatda Asadjon Xodjayev Kun.uz ni elektr energiya hamda tabiiy gazni aholiga yetkazib berish bilan bog‘liq joylardagi muammolarni "bir tomonlama" hamda "hissiyotga berilgan" holda yoritishda ayblaydi.
Xodjayev shuningdek, nashrni "hukumat tomonidan aholiga elektr hamda tabiiy gaz va suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, xususan, yoqilg‘i energetika kompleksini modernizatsiya qilish hamda iste’mol qilish sohasidagi qator islohotlarga atroflicha to‘xtalmagani" uchun tanqid qilgan.
"Eski O‘zbekistonning isi kelmoqda"
Kun.uz sayti 22 - noyabr kuni «Xalqqa svet-gaz bering!» – ijtimoiy tarmoqlarda azaliy va og‘riqli mavzu» sarlavhasi ostida ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlar jamlangan materialni e’lon qildi.
AOKA rahbari materialdagi iqtiboslar, jumladan, yozuvchi Ulug‘bek Hamdamning Feysbuk tarmog‘ida 22 - noyabr kuni e’lon qilingan va ko‘pchilik foydalanuvchilar tomonidan bo‘lishilgan "Gazsiz va chiroqsiz" sarlavhali postiga e’tiroz bildirgan.
Xususan, postdagi "XXI asrda millatni gazsiz va chiroqsiz qoldirish – jinoyat, kechirib bo‘lmas jinoyat!" degan so‘zlarini Prezident Administratsiyasi mulozimi «O‘zbekiston hukumatini aholiga nisbatan jinoyat sodir etishda ayblash" deya talqin qiladi.
Xodjayev Kun.uz tahririyatini "kelgusi faoliyatda bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik" ka chaqirib, "uning davom etishi jiddiy huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarishi"dan ogohlantirgan.
Kun.uz tahririyati AOKA bosh direktorining xatini "jurnalistik faoliyat erkinligiga bosim o‘tkazish" deb baholashini aytmoqda.
"Bu xatti-harakatdan Eski O‘zbekistonning isi kelmoqda, desak yanglishmagan bo‘lamiz", deyiladi tahririyat maqolasida.
Bu AOKAning ommaviy axborot vositasini birinchi marta ogohlantirishi emas.
Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalariga 90 ta ogohlantirish xati berilgan. Bu haqda AOKAning 11 - noyabr kuni yoyinlangan bayonotida aytilgan.
Bayonotda agentlik bugungi sharoitda endigina oyoqqa turayotgan “mustaqil OAVni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida” ular yo‘l qo‘ygan qonunbuzarlik holatlari yuzasidan rasmiy ogohlantirish bilan cheklanayotgani va o‘z vakolatidagi boshqa choralarni hozircha qo‘llamay kelayotgani qayd etiladi.
Mahalliy jurnalistlar AOKAni mamlakatda 2002 - yilda rasman bekor qilingan senzurani qayta tiklash urinishlarida ayblashadi.
“Trollar fabrikasi”dan AOKAga
Asadjon Xodjayev AOKA rahbarligiga joriy yilning 29 - iyulida tayinlangandi. Bundan avval bir muddat Prezident matbuot xizmatiga rahbarlik qilgan Xodjayevning nomi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti (TATU)dagi “trollar fabrikasi” bilan bog‘liq mojaro markazida bo‘lgan.
O‘tgan yil sentabrida mahalliy nashrlar Telegramdagi maxsus guruh a’zolariga Prezident Mirziyoyevning sobiq matbuot kotibi bo‘lgan Xodjayev topshiriq berib turgani haqida yozgan.
Telegram guruh skrinshotida A.Khodjayev tomonidan Facebook'dagi muxolif kayfiyatdagi sahifalarga havolalar va bu sahifalardagi "g‘alamis fikrlar"ga qarshi kurashish haqida ko‘rsatmalar berilganini ko‘rish mumkin.
TATU rahbariyati Telegram guruhdagi yozishmalar haqqoniyligini tasdiqlagan, ammo “trollar fabrikasi” mavjudligini rad etgandi.
Ayni mojaro bilan bog‘liq mahalliy nashrlarda nomi eng ko‘p tilga olingan Asadjon Xodjayevning o‘zi rasman raddiya bermagan.