Putin bilan Elton Jon geylar mavzusida bahslashdi
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Britaniya rok yulduzi Elton Jon liberalizm hamda Rossiyaning geylar va lesbianlarga munosabati yuzasidan bahslashdi.
Munozara dastlab “Financial Times” gazetasida paydo bo‘ldi. Putin o‘sha gazetaga bergan va 28 iyunda chop etilgan intervyusida liberalizmning “maqsadi eskirib ketdi”, deb aytgan edi.
Liberalizm eskirib ketdi, u qisman “an’anaviy qadriyatlar” hisobiga uzoq yashadi, deb hisoblaydi Putin.
Putin yana Rossiyada “LGBTga mansub kishilar bilan bog‘liq muammolar yo‘q ekani”ni aytdi. Bu bilan u 2013 yili Rossiyada geylik “targ‘iboti”ni taqiqlovchi qonun qabul qilinganidan so‘ng ushbu mamlakat hukumatining gomoseksualizmga yondashuvi keskin tanqid qilinayotganiga javob qaytardi.
Putinning ushbu fikrlari ko‘plab Yevropa mamlakatlari rahbarlarining liberal g‘oyalarni himoya qilib chiqishiga sabab bo‘ldi.
Bunga mashhur san’atkor Elton Jon ham javob qaytardi. U geyligini hech kimdan yashirmagan hamda har doim lesbianlar, geylar, biseksuallar va transgenderlar (LGBT) manfaatlarini himoya qilib kelgan.
− Men sizning, jamiyatlarimizda madaniyatlar va jinsiy rang-baranglikni hisobga oluvchi siyosat yuritish eskirdi, degan gapingizga mutlaqo qo‘shilmayman, − dedi Jon 28 iyunda tarqatilgan bayonotida.
72 yashar qo‘shiqchi Putinning so‘zlarini ikkiyuzlamachilik deb atadi, chunki Rossiyaning distribyutorlik kompaniyasi pop-yulduz hayotiga bag‘ishlangan “Roketman” filmining ayrim sahnalarini senzura qilgan, qirqib tashlangan sahnalarda geylarning jinsiy aloqasi tasvirlangan edi.
− Bu menga ikkiyuzlamachilik bo‘lib tuyuldi, − dedi Jon.
Jon o‘tmishda, ayniqsa, 2016 yili Rossiyada ko‘p marta konsert bergan va jamoat oldida 2013 yili qabul qilingan geylik “targ‘iboti”ni taqiqlovchi qonunni tanqid qilgan edi.
Putin ham 29 iyunda Yaponiyada o‘tkazilgan matubot konferensiyasida Jonning bayonotiga javob qaytardi. O‘sha yerda u bilan boshqa rahbarlar dunyoning eng sanoatlashgan 20 ta mamlakatini birlashtiruvchi G20 sammitida ishtirok etayotgan edi.
− Men uni juda hurmat qilaman. U – musiqa dahosi, barchamiz uning qo‘shiqlarini sevib tinglaymiz, – dedi Putin, bir jurnalistning savoliga javob qaytarar ekan. – Nazarimda, u o‘zini aldayapti.
“Biz chindan ham LGBT jamoatiga oqilona, xotirjam va har xil xurofotlarga berilmay munosabat bildiryapmiz”, – dedi Putin Kreml stenogrammasida aytilishicha.
Muammo shundaki, geylar va lesbianlar “o‘z qarashlarini ko‘pchilikka yuzing-ko‘zing demay tiqishtirishga harakat qiladi”, dedi Putin.
− Siz boshqalarning fikriga nisbatan bag‘rikeng, ochiq va shaffof bo‘lishingiz kerak. Bu yerda g‘ayrioddiy narsaning o‘zi yo‘q. Hamma hurmat qilinishi kerak. Biroq siz qarashlaringizni boshqalarga majburan tiqishtira olmaysiz, − dedi Putin.