Qozog‘istonda konchilar mushtlashuvida o‘nlab odam jarohatlandi
Qozog‘iston g‘arbida joylashgan “Tengiz” yirik neft va gaz konida xorijlik va mahalliy ishchilar o‘rtasida kelib chiqqan mushtlashuvda kamida 30 nafar odam jarohat oldi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ular shifoxonaga yotqizilgan. Ammo ularning hayoti xavfi ostida emas va mushtlashuvda hech kim halok bo‘lmagan.
Viloyat rasmiylarining ma’lum qilishicha, 29 iyun kuni tushdan keyin “norozilik namoyishiga chiqqan ishchilar” bilan viloyat hokimi o‘rinbosari Serik Shapkenov uchrashib, ular bilan “maishiy mojaro avj olishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi” haqida suhbatlashgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashilgan videolarda “Tengiz” neft konida 29 iyun kuni yuzlab ishchi to‘planganini ko‘rish mumkin. Hodisa joyida yozib olingani iddao qilingan videolarning biridan CCEP yozuvi bor formadagi ishchilar oddiy kiyimdagi ishchilarni do‘pposlayotganini ko‘rish mumkin. Xabarlarga ko‘ra, norozilik namoyishiga aynan Consolidated Contracting Engineering and Procurement S.A.L Offshore (CCEP) shirkati xodimlari chiqqan.
Ishchilardan biri Ozodlik bilan suhbatda mushtlashuvga xorijlik ishchilar orasida ulashilgan va mahalliy ishchilar nafsoniyatiga tekkan surat sabab bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, suratni CCEP ishchilaridan biri, Liviya fuqarosi WhatsApp messenjerida ulashgan.
Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan suhbatlashgan ishchi “15 mingga yaqin” konchi namoyishga chiqqanini, norozilik namoyishlari zaminida nochor ish sharoitlari yotganini aytdi. Xususan, konda turli ishchilar oladigan maosh o‘rtasidagi tafovut bir necha oydan beri noroziliklarga sabab bo‘lib keladi.
Ushbu holat yuzasidan konni o‘zlashtirish uchun Chevron, ExxonMobil, KazMunayGas hamda LUKo shirkatlari tuzgan Tengizchevroil konsorsiumi e’lon qilgan bayonnomada ishchilar o‘rtasida mushtlashuv sodir bo‘lgani, natijada bir necha ishchi jarohat olgani aytiladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisani o‘rganib chiqish uchun viloyat hokimi o‘rinbosari y maxsus komissiya tuziladi. Komissiyada CCEP shirkati vakillari hamda “Tengiz” konini o‘zlashtirish bilan shug‘ullanib kelayotgan Tengizchevroil guruhi vakillari ham qatnashadi.
Bu orada Atirau hokimiyati vaziyat barqarorlashganini ma’lum qildi.
“Tengiz” konida ishchilar norozilik aksiyasi boshlagani haqidagi xabarlar 28 iyunda tarqala boshlagan edi.
Mahalliy politsiya mushtlashuv sodir bo‘lganini tasdiqlar ekan, hodisa joyiga viloyat politsiyasi hamda prokuraturasi vakillari yetib borganini ma’lum qildi.
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi “Tengiz” konida sodir bo‘lgan “bezorilik” bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Shuningdek, vazirlik hodisa ishtirokchilari orasida “profilaktika ishlari” o‘tkazilgani, mojaro butunlay bartaraf qilinganini qo‘shimcha qildi.
“Tengiz” koni Atirau shahridan 340 km masofada joylashgan.