Sud ro‘mol o‘ragani uchun o‘qishdan haydalganini da’vo qilgan qizning shikoyatini asossiz deb topdi (VIDEO)
20 fevral kuni Ma’muriy ishlar bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudi ro‘mol o‘ragani uchun Xalqaro Islom Akademiyasidan haydalganini da’vo qilgan Luiza Muminjanovaning da’vo arizasini asossiz deb topdi. Sud qarori haqida Ozodlikka 19 yashar Luiza Muminjonovaning o‘zi ma’lum qildi.
2018 o‘quv yilida Davlat byudjeti asosida Xalqaro Islom Akademiyasiga o‘qishga qabul qilingan xorazmlik Luiza Muminjanova o‘qishga ro‘molda kelgani uchun darslarga kiritilmagan va oradan bir oy o‘tib 140 soatdan ko‘p dars qoldirgan degan sabab bilan o‘qishdan haydalgan edi.
Bunga e’tirozan Luiza Muminjanova 10 fevralda O‘zbekistondagi to‘rtta idora - Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, O‘zbekiston Respublikasi oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalqaro Islom Akademiyasi - ustidan sudga ariza kiritdi.
U suddan ro‘mol o‘ragan qizlarni o‘qishga kiritmaslikni g‘ayriqonuniy va e’tiqod erkinligining poymol etilishi deb topishni so‘radi.
Ammo, Luiza Muminjanovaning aytishicha, ma’muriy ishlar bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi uni Xalqaro Islom Akademiyasining "ichki nizomini buzgani uchun" o‘qishdan bo‘shatilganini asosli deb hisoblagan.
Luiza Muminjanova o‘quv yili boshida 100 dan ortiq ro‘mol o‘ragan qizga ro‘mol yoki o‘qishni tanlash talabi qo‘yilgani haqidagi uning arziga sud umuman to‘xtalmaganini aytdi.
Prezident Mirziyoev farmoni bilan tashkil qilingan Toshkentdagi Xalqaro Islom akademiyasida talabalar ro‘molini yechishga majburlangani haqida Ozodlik xabar bergandi.
Ozodlik shuningdek ro‘moli yechtirilgan qizlar o‘qishga parik kiyib kelishga majbur bo‘lgani haqida video lavha tayyorlagandi.
Ozodlik bilan suhbatda o‘zini Toshkent Xalqaro Islom akademiyasi rektori yordamchisi deb tanishtirgan rasmiy talaba qizlarning hozirda ham o‘qishga hijob yoki ro‘molda darsga qo‘yilmasligini tasdiqlagandi.
Luiza Muminjanova sud ajrimi ustidan yuqori instantsiyalar va "kerak bo‘lsa xalqaro sudga"cha borishini bildirdi.