Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biriga Chingiz Aytmatov nomi berildi
Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, balki butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, chin do‘st ham edi.
“Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” (1977) qissasida muhim ma’naviy masalalar, sho‘ro davridagi hayotning mash’um manzaralari o‘z ifodasini topgan. “Asrga tatigulik kun” (1980), “Qiyomat” (1986), “Kassandra tamg‘asi” (1990) romanlarida zamonamizning umuminsoniy manzaralari, ona-sayyoramizning taqdiri, kuchli falsafiy, axloqiy va ijtimoiy muammolar ko‘tarilgan.
Ch.Aytmatovning qariyb barcha asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan. Aytmatov o‘zbek adabiyoti, umuman, o‘zbek madaniyati tarixini yuksak baholab, “Qadim-qadim o‘zbek madaniyatining O‘rta Osiyoga ko‘rsatgan ta’sirini ko‘hna Vizantiyaning qadim Rusga ko‘rsatgan ta’siri bilan qiyoslash mumkin”, deb hisoblaydi.
Ch.Aytmatov O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” (1995), “Buyuk xizmatlari uchun” (1998) ordenlari bilan mukofotlangan.