OCCRP: Rossiya yirik investitsiya bankining pul yuvish sxemasi fosh etildi (VIDEO)
Rossiyaning eng yirik xususiy investitsiya banki global miqyosda 9 milliard dollarlik noqonuniy pulni legallashtirish sxemasini qo‘llab kelganlikda gumon qilinmoqda. Saraevodagi xalqaro miqyosda surishtiruv jurnalistlarining Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani yoritish loyihasi (OCCRP) fosh etgan ushbu sxemaga Rossiya rahbariyatining aloqador ekani taxmin qilinmoqda.
OCCRP 4 martda e’lon qilgan tergov hujjatida aytilishicha, “Troyka landromati” nomini olgan 8,89 milliard dollarlik sxema korrupsiyalashgan siyosatchilar va uyushgan jinoiy guruhlarga noqonuniy yo‘llar bilan topilgan mablag‘larni legallashtirish, soliq to‘lashdan qochish, aktivlarni xorijda yashirish va boshqa g‘ayriqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanish imkonini bergan.
Tergov hujjatida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning eski do‘stlaridan biri, rus violonchelisti Sergey Roldugin sxemaning asosiy foydaxo‘rlaridan biri sifatida tilga olinadi.
OCCRP tashkiloti oldinroq “Rossiya landromati” va Ozarbayjon landromati” deb atalgan xuddi shunday 2ta sxemani fosh qilgan edi. Bunga 15min.lt Litva xabarlar sayti qo‘lga kiritgan bank amaliyotlari haqidagi ma’lumotlarning eng yirik hajmda sizdirilishi sabab bo‘ldi.
Sizdirilgan ma’lumotlar turli manbalardan olingan va ularda 238 ming kompaniya hamda jismoniy shaxslar jo‘natgan 1,3 million dollar miqdoridagi pulni ko‘chirish amaliyoti qayd etilgan. Jo‘natilgan pul miqdori 470 milliard dollardan oshadi.
OCCRPga ko‘ra, tashkilot butun dunyodagi 22 ta sherigi bilan birga “Troyka landromati”ning foydaxo‘rlari kim ekanini aniqlabgina qolmay, uni tashkil qilib, ishlatgan yuridik shaxsni ham aniqlashga muvaffaq bo‘lganini bildirgan.
Da’vo qilinishicha, o‘sha yuridik shaxs Rossiyadagi eng yirik “Troyka Dialog” xususiy investitsiya banki bo‘lib, uni rus-armani sarmoyador bankir Ruben Vardanyan boshqargan.
OCCRPning tergov hujjatlarida aytilishicha, “Troyka landromati” 2006 yildan 2013 yil boshiga qadar faoliyat ko‘rsatgan. U o‘zaro bog‘langan 75 ta ofshor kompaniyasidan iborat bo‘lgan va bulardan 35 tasi Litvaning 2013 yili yopilgan munozarali “Ukio Bankas” bankida hisob raqamlarini ochgan.
"Rossiyadan milliardlab dollar pul “Troyka Dialog” ko‘rsatmasi bilan Ukio hisob raqamlariga yuborilgan", - deyiladi tergov hujjatlarida. - "Ma’lum va noma’lum oluvchilarga jo‘natishdan oldin pul bo‘laklarga bo‘lingan va uni halollovchi kompaniyalar o‘rtasida bir-biriga uzatilgan. Pul ko‘chirishlar qalbaki bo‘lib, mavjud bo‘lmagan tovarlar uchun to‘lov qog‘ozlari sifatida rasmiylashtirilgan. Pulning tizimdan chiqib ketish vaqtida Avstriya va Germaniya banklari orqali G‘arb mamlakatlaridagi banklarning korrespondent hisob raqamlariga ko‘chirilgan".
O‘sha paytda ko‘pchilik g‘arbparast va taraqqiyparvar, deb hisoblagan Vardanyan “Troyka Dialog”ning prezidenti va bosh direktori bo‘lgan.
Uning sxemadan xabari bo‘lgani yoki bo‘lmagani ma’lum emas: “U bu ishni qilganiga aniq isbot yo‘q". Lekin hujjatda Roldugin “Troyka landromati” orqali 69 million dollar olgan, deyiladi.
Harom pulni halollash bilan bog‘liq tergov hujjatida Rolduginning ismi birinchi marta tilga olinayotgani yo‘q. Ushbu familiya 2016 yili fosh bo‘lgan “Panama hujjatlari”da ham qayd etilgan va uning qo‘l ostidagi ofshor firmalar tarmog‘i milliardlab dollar pul bilan bank amaliyotlari o‘tkazgani qayd etilgan. Ammo, Putin hukumatiga yaqin ko‘rilgan Roldugin noqonuniy ish qilganiga oid har qanday ayblovni qat’iyan rad etib keladi.
OCCRP tergov hujjatlarida yana “Troyka landromati” noqonuniy pulni halollash sxemasidan tashqari “bekitiqcha pullarni saqlash fondi, yashirin investitsiya va soliqdan qochish vositasi” ham bo‘lgani qayd etiladi.