Boshlanmagan "Xavfsiz shahar" loyihasi uchun tadbirkorlardan videokameraga pul undirilmoqda
O‘zbekiston bo‘ylab amalga oshirilishi kutilayotgan “Xavfsiz shahar” loyihasi boshqaruvchisi esa¸ loyiha byudjetida mablag‘ning qaerdan olinishi aniq ko‘rsatilgani va hali boshlanmagan bu loyiha uchun tadbirkordan pul undirish qonunga zid ekanini bildirdi.
Soliq va prokuratura xodimlari bu ma’lumotni matbuotga bildirgani uchun o‘z biznesini yo‘q qilib yuborishidan cho‘chigan tadbirkor¸ videokameralar ishlab chiqarish va o‘rnatish bo‘yicha Toshkentdagi yetakchi shirkatlardan biri - 9 NINE xodimlari do‘konma-do‘konma do‘kon yurib¸ “Xavfsiz shahar” loyihasini amalga oshirish uchun 600-800 ming so‘mdan pul berishni talab qilayotgani¸ bermaganlarga esa¸ “soliq inspeksiyasidan juda muloyim¸ ammo kesib oladigan tarzda ilmoqli” eslatma bo‘layotganini bildirdi.
Ozodlik bog‘langan 9 NINE rahbari bu iddaoni inkor qilishga urindi va o‘z xodimlari xususiy tadbirkorlardan videokamera uchun pul talab qilmayotgani¸ balki “bunday kameralarni sotib olishni tavsiya qilayotganini” bildirdi.
Toshkent shahar soliq boshqarmasi mulozimi¸ bunday jarayonning¸ Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosari buyrug‘i bilan Chilonzor tumanida boshlangani va har 25 metr metrga xavfsizlik kamerasi o‘rnatish vazifasi¸ asosan¸ 1-qavatda joylashgan do‘konlarga yuklatilganini tasdiqladi.
Tadbirkor shikoyati
“Toshkent shahrida (anig‘i, Chilonzor tumani va bilishim bo‘yicha, boshqa tumanlarda ham) tadbirkorlardan majburiy tarzda «ko‘cha xavfsizligiga» degan iddao bilan kameralar o‘rnatish uchun pul yig‘ib olish tadbiri ketayotganini ma’lum qilmoqchiman. Avval kameralarni o‘rnatuvchi korxona vakillari kirib gaplashmoqda, norozi bo‘lganlarga soliq inspeksiyasi vakillari kirib, tahdidga yaqin muomalada bo‘lib, bermaslik mumkinmasligini, aks holda prokuratura vakillari kelishi mumkinligi haqida aytib, salkam 100$ pul miqdori yuklanmokda. Asos keltirishni so‘rasak, Vazirlar Mahkamasining «xavfsiz shahar» proektini ro‘kach qilishmoqda. Biroq bu farmonda kameralar byudjet hisobidan qo‘yiladi¸ deb aytib o‘tilgan. Shundoq ham bir yildan beri umumsavdoning keskin tushib ketishi ortidan ziyonda bo‘lib turgan KO‘PGINA do‘konlarga bu og‘irlik qilayapti”¸ deyiladi Chilonzor tumanidagi ayrim tadbirkorlar nomidan Ozodlikka yuborilgan xabarda.
Bu xabar ortidan Ozodlik¸ Chilonzor tumanidagi katta ko‘chalardan birida joylashgan ayrim do‘kon egalari bilan bog‘landi.
Ular o‘tgan haftadan boshlab videokamera o‘rtanuvchi shirkat xodimlari do‘konma-do‘kon yurib¸ pul so‘rayotganiga oid tafsilotlarni aytib berdi.
“O‘tgan hafta o‘zini "9 NINE degan shirkat xodimiman" degan yigit kelib¸ "har 25 metrga ko‘chaga qaratilgan videokamera o‘rnatamiz¸ 25 metrda joylashgan do‘konlarga bo‘lsak¸ har bir do‘konga 600-800 mingdan to‘g‘ri kelayapti¸ shuni to‘lang" dedi. Qaysi asosda biz to‘lashimiz kerak¸ desak¸ tepasiga farmoyish¸ deb yozilgan bitta qog‘ozni birrovga ko‘rsatdi va darrov qaytarib oldi. Unda Vazirlar Mahkamasi¸ prokuratura¸ soliq degan so‘zlarga ko‘zim tushdi. Chilonzor tumanida 652 ta joyga qo‘yilishi kerak videokamera haligacha o‘rnatilmagan¸ shular tezda qo‘yilsin¸ degan mazmunda ekan. Unda na imzo¸ na muhr bor. Maxsus¸ videokameralar puli tadbirkordan undirilsin¸ degan joyni qidirdim¸ lekin topolmadim. Aytilgan pulni to‘lang¸ bo‘lmasa¸ o‘zingiz bilasiz¸ degan qabilda yumshoq gapirib¸ chiqib ketishdi. Ikki kuncha oldin soliq inspeksiyasidan telefon qilib¸ kamera uchun pulni to‘lab qo‘yishni eslatishdi. Qo‘pollik¸ oldingidaqa po‘pisa bo‘lmadi¸ lekin gapning ma’nosidan¸ “to‘laysan¸ to‘lamaslikning iloji” yo‘q¸ degan mazmun kelib chiqadi”¸ dedi Ozodlik gaplashgan toshkentlik tadbirkorlardan biri.
Toshkentlik tadbirkorlar¸ pulning naqdda talab qilinayotgani va buncha pul to‘langani biror shaklda rasman aks etmayotganini qo‘shimcha qildi
9 NINE rahbari inkori
Bu ma’lumotni o‘rganish jarayonida Ozodlik xavfsizlik uskunalari ishlab chiqarish va o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi 9 NINE shirkatining bir necha xodimi va rahbari bilan gaplashdi.
Xususiy shirkat vakillarining qaysi qonuniy asosda boshqa bir xususiy tadbirkor-do‘kondor oldiga borib¸ ko‘chaga qo‘yiladigan videokamera uchun 800 ming so‘mdan pul so‘rayotganiga oid savolga¸ shirkat xodimlaridan biri “O‘zbektelekom” bilan shartnoma borligini¸ ikkinchisi esa¸ Toshkent shahar hokimligi o‘tkazgan tenderda yutib chiqqanini tilga olish bilan javob berishga urindi.
Shirkat rahbari esa¸ bu ma’lumotni “provokatsiya va bo‘hton” sifatida rad etishga urindi.
“Biza kamera qo‘yamiz¸ xavfsizlikni ta’minlaymiz ko‘chalarda¸ ishimiz shu. Evaziga pul olamiz. Torgoviy agentlarim yuradi mahsulotni predlagat qilib¸ xaridor o‘z xohishi bilan biz bilan ishlaydi¸ xohlamasa¸ boshqasi bilan ishlaydi. Bizani qo‘limizdan kelmaydi majburlash. Agentlarim bunaqa demagan”¸ - dedi Ozodlikka do‘q-po‘pisa ohangida gapirgan 9 NINE rahbari.
“Agentlaringiz do‘konma-do‘kon yurib¸ tadbirkordan videokamera uchun 600-800 ming so‘mdan beringlar deb yurganini inkor qilasizmi-yo‘qmi?”¸ degan savolga:
-Talab qilayotganimizni inkor qilaman¸ tavsiya qilayotganimizni inkor qilmayman¸ - degan shirkat rahbari bu “tavsiya”ning “Xavfsiz shahar” loyihasiga aloqasi yo‘qligini iddao qildi.
Soliq inpeksiyasi 9 NINE inkorini inkor qildi
23 noyabr kuni Ozodlik muxbiri Chilonzor tumanidagi xususiy tadbirkorlarni videokamera uchun pul berish shartligidan ogohlantirgani aytilgan Davlat soliq qo‘mitasining Toshkent shahri mas’ullaridan biri bilan gaplashdi.
Bu ma’lumotni tasdiqlagani faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun shaxsi ochiqlanmayotgan mulozim¸ chilonzorlik tadbirkorlar yuborgan ma’lumotni to‘lig‘icha tasdiqladi.
“Ikki haftacha bo‘p qoldi – Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosari shu masalada maxsus majlis o‘tkazdi. Unda to‘rtala sektor vakillari qatnashdi. Xavfsizlik kameralari o‘rnatish jinoyatchilikni kamaytirishini¸ shuning uchun hamma joyga o‘rnatilishini tezda ta’minlashni aytdi. Prokuror majlisga 9 NINE shirkati boshlig‘ini olib keldi va hammaga shu bola kechikayotgan videokameralarni tez va arzon o‘rnatib beradi¸ dedi. U bola chiqib (ismi Anvar shekilli)¸ bitta kamera 300 ming so‘m turadi¸ meniki Toshkentda eng arzon¸ degandaqa gap qildi. Prokuror hamma o‘z sektorida tezda videokamera o‘rnatilishini ta’minlasin”¸ deb buyruq berdi. Sektorimizda shu ishni qilayapmiz hozir”¸ - dedi soliq inspeksiyasi mutasaddisi.
Videokameralar pulini kim to‘laydi?
Bu savolga soliq mulozimi¸ ochiq-oydin qilib¸ “davlat emas¸ balki aholi va tadbirkorning o‘zi”¸ deya javob qildi.
“Butun mamlakat bo‘yicha o‘rnatiladi kameralar¸ davlatning bunga puli bormi? Videokamera bo‘lsa¸ odamlarning¸ tadbirkorning o‘ziga yaxshiku! Shunga prokuror¸ domlarning hamma tomoniga o‘rnatiladigan kameralar pulini domda yashovchilardan¸ yo‘l bo‘yidagi do‘konlar oldiga qo‘yiladiganlarni¸ do‘konchilardan undirishni buyurdi. Ularga hech kim po‘pisa qilmayapti. Yaxshilik bilan tushuntirayapmiz”¸ - dedi soliq mulozimi.
Ayni paytda bu rasmiy¸ “xususiy tadbirkorda bu talabga yo‘q deb javob berish imkoni yo‘qligini” e’tirof etdi.
Ozodlik bilan suhbatda mulozim¸ prokuror talab qilayotgan videokameralar o‘rnatish jarayonining “Xavfsiz shahar” loyihasiga aloqasi bormi¸ degan savolga tasdiq javobini berdi:
“Bu kameralar joylardagi militsiya tayanch punktlariga ulanadi¸ ularni IIB xodimlari distansionniy kuzatib turadi. Bu “Xavfsiz shahar” loyihasi doirasida tuziladigan markazlashgan xavfsizlik tizimiga ulanadigan videokuzatish uskunalari bo‘ladi”.
“Xavfsiz shahar” loyihasiga mutasaddisi izohi
O‘zbekiston prezidenti 2017 yil 29 avgust kuni imzolagan "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyihalarni boshqarish tizimlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorga asosan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziriligi "Xavfsiz shahar" kompleksini yaratish bo‘yicha loyiha ustida ish boshladi.
Ko‘chalarga IIV tizimiga ulangan markazlashgan videokuzatish uskunalari o‘rnatish¸ ana shu loyihaning bir qismidir.
23 noyabr kuni Ozodlik gaplashgan mazkur loyihasi mutasaddilari¸ “Xavfsiz shahar” loyihasini amalga oshirish Toshkent shahar Shayhontohur tumanida joriy hafta sinov tariqasida boshlangani va bu jarayonda videokameralarni aynan qaysi shirkat o‘rnatishi bo‘yicha tender hali o‘tkazilmaganini bildirdi.
"Shayhontohur tuman bo‘yicha pilot loyihani kuni-kecha boshladik. Bu loyiha byudjeti himoyasida qatnashganman¸ prezidentimizning qarori asosida 35-40 milliard so‘m qilib belgilangan¸ istochnigi aniq. Axborot texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasidan olinadi¸ deb belgilangan va bu keyingi yil loyihasiga kiritilgan. To‘ppa-to‘satdan tadbirkorning oldiga borib¸ mana buncha pul berasan¸ degan gapni sizdan eshitib¸ hayron bo‘p turibman.
Hali texnik topshiriq ishlab chiqilmagan – qaerga nimani qo‘yib chiqish hali aniqlanmagan. U tayyor bo‘lganidan keyin¸ tegishli vazirlik-idoralar bilan kelishib¸ tasdiqlab¸ ana undan keyin konkurs-tender e’lon qilamiz. Hali u protsessga yetib bormadik"¸ degan "Xavfsiz shahar" loyihasi mutasaddisi¸ qaysidir davlat tizimi hali boshlanmagan loyiha iddaosi bilan vaqtidan oldin videokameralar o‘rnatayotgan bo‘lsa¸ buning muammoli jihati borligini ta’kidlaydi.
"Bu yerda intergratsiya masalasi bor. “Xavfsiz shahar” butun respublikani o‘z ichiga oladigan bitta tizim bo‘ladi va qo‘yiladigan kuzatuv uskunalari ana shu tizim bilan birlashib¸ ishlashi kerak. Bu qo‘yilgan kameralar ertaga ma’lumot uzatish¸ axborot almashinuvida tizim bir-biriga to‘g‘ri kelmasa¸ bu faqat qo‘shimcha xarajat bo‘ladi".