Dushanbeda bokiralikni isbotlashni so‘rab doktorlarga 1 yilda 600 marta murojaat qilindi
Tojikistonda, qo‘shni davlatlardagi kabi, oila qurishda turmushga uzatilayotgan qizning bokira bo‘lishi eng muhim jihatlardan biri hisoblanadi.
Janubiy Tojikistondagi Ko‘lob shahrida yashaydigan 18 yashar Dilorom to‘ydan avval jinsiy aloqa qilmaganini isbotlash uchun tibbiy ekspertizaga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Diloromga ko‘ra, to‘ydan keyin eri uni buzuqlikda ayblab, xo‘rlagan.
“Erim yaqinlariga “kelin bokira emas”, dedi. Gunohsizligimni isbotlash uchun tibbiy ekspertizaga bordim. Bokiraligim isbotlandi. Endi meni odamlar oldida xo‘rlagan erimga qaytib borishni istamayman”, - dedi Dilorom.
Tojikiston Sud-tibbiy ekspertizasi markazining ma’lumotiga binoan, 2017 yili Dushanbeda shifoxonalarga bokiralikni aniqlashni so‘rab, fuqarolardan 600ta ariza tushgan.
Ariza topshirganlarning aksari to‘y kechasidan bir kun o‘tib taloq olgan yangi kelinchaklarning ota-onalaridir.
Ushbu markaz mas’ul xodimi Umed Ikromovning Ozodlikka aytishicha, ekspertiza ishonchli bo‘lishi uchun bokiralikni aniqlash jarayoni erlar ishtirokida o‘tadi.
“Erga qizlik pardasi va maxsus qonni bokiralik nishonasi sifatida ko‘rsatamiz. Ba’zi er va uning yaqinlari bunday ekspertizaga ishonmaydilar”, -deb aytadi Umed Ikromov.
Bokiralik bahslari va yosh oilalar parchalanishining ko‘payishi ortidan 2016 yili Tojikiston parlamenti to‘ydan oldin qizlarning bokiraligini tekshirishni nazarda tutgan qonunni qabul qildi.
O‘tgan yil yozda janubiy Tojikistondagi Vose tumanida yashovchi 18 yashar Rajabbi Xurshed bokiralik janjali ortidan sirka ichib o‘z joniga qasd qildi.
Sud uning eri Zafar Pirovni turmush o‘rtog‘ining o‘z joniga qasd qilishiga sababchi bo‘lgan, deb topdi va 7 yilga ozodlikdan mahrum etdi.
Sudda aytilishicha, kelinning bokiraligi borasidagi bahs birinchi nikoh oqshomida boshlanib, er kelinning bokiraligiga shubha qilgan va ikki marta uni poytaxtga ekspertizaga olib borgan. Qayta ekspertiza ham Rajabbini to‘yga qadar bokira bo‘lganini tasdiqladi, biroq yoshlarning turmushi urush-janjallar bilan o‘tib, oqibatda fojia bilan yakunlandi.
Zafar Pirov sudda o‘zini aybdor deb hisoblamasligini va u rafiqasi o‘limini istamaganini aytgandi. “Men uning ota-onasi to‘yga sarflagan 13 ming somonini qaytarishini istagan edim», deydi Zafar Pirov.
An’anaviy tojik jamiyatida qiz to‘yga qadar bokira bo‘lishi kerak degan aqida mavjud. Bokiralikka yangi oilada er-xotin o‘rtasidagi ishonch asos sifatida qaraladi.
Aks holda nikohning birinchi kuni bokira chiqmagan kelin sharmandalarcha eshikka kuzatib qo‘yiladi. Bu kabi qizlarni ota-onalari ham qabul qilmaydi. Ularning sha’ni va obro‘si umrbod qoraligicha qoladi.